Taqrizchilarga
Ushbu yoʻriqnoma IQTIDATA uchun taqriz yozadigan mutaxassislarga moʻljallangan. Taqrizning maqsadi — muharrirga asosli qaror qabul qilishga yordam berish va muallifga ishni yaxshilash uchun aniq, xolis takliflar berish.
Taqrizdan oldin
- Taqrizni faqat oʻz mutaxassisligingiz doirasida qabul qiling.
- Manfaatlar toʻqnashuvi boʻlsa (hamkorlik, yaqin munosabat, raqobat, moliyaviy manfaat) darhol muharrirga xabar bering va taqrizdan voz keching.
- Belgilangan muddatda ishlay olmasangiz, boshqa taqrizchi tavsiya qiling yoki kechikish haqida oldindan yozing.
Maxfiylik
Qoʻlyozma va uning ilovalari maxfiy. Ularni uchinchi shaxslarga bermang, boshqa maqsadda ishlatmang, muallifning gʻoya va maʼlumotlaridan shaxsiy foyda uchun foydalanmang. Qoʻlyozmani tashqi sunʼiy intellekt xizmatlariga yuklamang — bu maxfiylikni buzadi.
Nimani baholash kerak
- Dolzarblik va yangilik: mavzu jurnal yoʻnalishiga mosmi, ilmiy hissa bormi?
- Adabiyotlar sharhi: asosiy ishlar qamrab olinganmi, tadqiqot boʻshligʻi aniq koʻrsatilganmi?
- Maʼlumotlar va metod: manbalar ishonchli mi, tanlanma yetarlimi, model va mezonlar toʻgʻri tanlanganmi, xatolar va cheklovlar koʻrsatilganmi?
- Takrorlanuvchanlik: maʼlumotlar va kod mavjudmi, natijalarni takrorlash mumkinmi?
- Natijalar va xulosa: natijalar dalillarga asoslanganmi, xulosa ortiqcha umumlashtirilmaganmi?
- Etika: plagiat, manfaatlar toʻqnashuvi, inson yoki hayvonlar ishtirokidagi tadqiqotlar ruxsati tekshirilganmi?
- Til va rasmiylashtirish: matn tushunarlimi, jadval va rasmlar toʻgʻri raqamlanganmi, havolalar toʻliqmi?
Taqriz tuzilishi
Taqriz quyidagi qismlardan iborat boʻlishi tavsiya etiladi: qisqa xulosa (ishning umumiy bahosi), asosiy kamchiliklar (muhim, ilmiy jihatdan hal qiluvchi), kichik kamchiliklar (matn, jadval, havola), savollar muallifga, yakuniy tavsiya: qabul qilish, kichik tuzatishlardan keyin, jiddiy tuzatishlardan keyin yoki rad etish. Muharrirga alohida maxfiy izoh yozishingiz mumkin.
Ohang va dalillar
Baho xolis, hurmatli va aniq boʻlsin. Har bir tanqidiy fikr uchun matn yoki sahifa koʻrsating, muallifga nima qilish kerakligini tushuntiring. Shaxsiy tanqid, umumiy eʼtirozlar va asossiz daʼvolardan saqlaning.
Muddat
Taqriz uchun odatda 14–21 kun beriladi. Koʻproq vaqt kerak boʻlsa, muharrirni oldindan xabardor qiling. Taqrizni kechiktirish jurnalning nashr muddatlariga taʼsir qiladi.
Taqrizdan keyin
Muharrir taqrizlar asosida qaror qabul qiladi va sizga xabar beradi. Qayta koʻrib chiqilgan qoʻlyozmani baholash soʻralishi mumkin. Taqrizchi sifatida ishtirokingiz tahririyat tomonidan hisobga olinadi.
Savollar: kungratovilmurod08@gmail.com.